ASIA PHARM — YIRIK FARMATSEVTIKA XOLDINGI
Asia Pharm — marketing, distributsiya, dori vositalarini ro‘yxatga olish va eng muhimi, o‘z ishlab chiqarishiga ega yirik farmatsevtika xoldingi.
Vazifa:
Tadbirkorlarimizda ishni boshlayotganda kompaniya nomiga “Group” kabi jarangdor so‘zlarni qo‘shish odati bor. Lekin biznes chindan ham ulg‘aygach, xuddi voyaga yetgan insonga yoshligidagi kiyimlari tor kelgani kabi, bunday eski vizual qiyofa torlik qila boshlaydi. Rahbariyatga eski logotipdagi APG abbreviaturasi ham, “Group” so‘zi ham ortiqcha tuyula boshlagan edi. Asosiy vazifa — quruq, balandparvoz obrazlarsiz, real kuch va ishonchni aks ettiruvchi ixcham, zamonaviy va toza vizual yaratish.
Yechim:
Birinchi navbatda brendni og‘irlashtirib turgan “Group” so‘zini olib tashlab, diqqat markazida faqat asosiy nom — “Asia Pharm”ni qoldirdik. Yangi logotipning mantig‘i ortiqcha buralishlarsiz, aniq metaforaga qurildi: ikki ulkan kuchning kesishuvi. Yashil chiziq (tabiat) va to‘q ko‘k chiziq (ilm-fan) geometrik jihatdan birlashib, brendning bosh harfi — “A”ni hosil qiladi. Yangi vizual kompaniyaning bozordagi “g‘amxo‘r ekspert” obrazini to‘la ochib berdi va 2030 yilga borib Markaziy Osiyoda 1-raqamli farm-xolding bo‘lish strategik maqsadiga yuz foiz xizmat qiladi.











