Sirius — tibbiyot markazi uchun logotip
Sirius — biz koʻradigan yulduzlar ichida eng yorqini. U qadimdan koʻplab xalqlar uchun ezgulik timsoli boʻlib kelgan. Shifo izlab kelgan insonlar uchun esa Sirius tibbiyot markazi najot ramzi boʻlib xizmat qiladi.
Vazifa:
Logotip ishlab chiqishda har doimgidek ishni oʻrganish, tadqiqot va tahlillardan boshladik. Tibbiyot markazi nomi nega Sirius ekanini aniqladik. Shu bois logotip uchun birinchi taklifimiz yulduz shaklini ifodalash boʻldi. Yulduz belgisi biz uchun notanish emas: — davlatimiz ramzlari boʻlmish bayroq va gerbimizda ham yulduzlar aks etgan; — Leonardo da Vinchining ideal inson proporsiyasi tasvirlangan asarida yulduz shakliga ishora bor. Sogʻlom inson gʻoyasi tibbiyot markazi uchun ayni mos keladi.
Yechim:
Yulduzning besh qirrasi tibbiyot markazining beshta asosiy maqsadini ifodalaydi: 1. Yuqori malaka va tajriba. 2. Zamonaviy uskuna va texnologiyalar. 3. Xizmatlarning hammabopligi. 4. Individual yondashuv. 5. Innovatsion uslublar. Logotip oddiygina yulduz shaklidan iborat boʻlmasligi uchun biz uni yana tibbiyot mavzusi bilan boyitdik. Bunda AQSh va koʻplab Yevropa mamlakatlarida “Hayot yulduzi” deb nomlanuvchi tezkor tibbiy yordam belgisidan ilhomlandik. Natijada bir qarashdan oddiy, ammo oʻzida koʻplab gʻoyalarni mujassam etgan logotip hosil boʻldi. Belgi firma uslubida ham erkin ishlaydi: fasaddagi peshlavha, navigatsiya stelalari, shifokorlar formasi, ish hujjatlari, reklama va hatto nam salfetkalar qadogʻi.













